O‘zbekiston va Belarus: oliy va professional ta’lim hamda ilmiy sohadagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2024-02-06 19:35:00 / Yangiliklar
Delegatsiyani oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov qabul qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar oliy ta’lim sifatini oshirish, yuqori texnologik ishlab chiqarishga asoslangan zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beruvchi kadrlarni hamkorlikda tayyorlash masalalarini muhokama qildilar.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q. Sharipov so‘nggi yillardagi islohotlar natijasida yurtimizda 100 ta yangi oliy ta’lim muassasalari tashkil etilganini, xususan ko‘plab xorijiy universitetlar ham faoliyat yuritayotganini ta’kidlab, Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tapmoqapapo amaliy texnik kvalifikatsiyalar instituti faoliyatiga alohida urg‘u berdi.
— Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor jihatlaridan kelib chiqib, muhandislik va texnik yo‘nalishlarda ta’lim, energetika, metallurgiya, mashinasozlik, neft-gaz, qurilish, yengil sanoat, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi sohalariga kadrlar tayyorlash sifatini oshirishimiz kerak, – dedi vazir.
A. Ivanes ikki mamlakat olimlari o‘rtasida Ilmiy-texnik konsorsium tashkil etish, masofaviy ta’lim yo‘nalishini rivojlantirish, yurtimiz kollej va kasb-hunar maktablari o‘qituvchilarini Belarus davlatida stajirovkadan o‘tishlarini tashkil etish, texnoparklar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalar otryadlarini tashkil qilish kabi takliflarni berdi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston-Belarus qo‘shma ilmiy loyihalar dasturlarini yanada rivojlantirish, yirik yuqori texnologik korxonalarda talabalarning amaliyot o‘tashlarini tashkil etish, professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari orasida tashkil etilayotgan professional ta’lim mahorati bo‘yicha xalqaro tanlovlarda O‘zbekistonning ishtirokini yanada kengaytirish, fanlararo yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, hududlarda professional va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Ikki davlat oliy ta’lim muassasalari tomonidan yaratilgan yuqori texnologik mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga olib chiqishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish zarurligi bo‘yicha fikr almashildi.