Qishloq xo‘jaligida xalqaro hamkorlik
2025-04-23 09:55:00 / Yangiliklar

Muzokarada kompaniyaning bosh operatsion direktori, vazirlik kotibiyati rahbari hamda qator soha mutasaddilari ishtirok etdi.
Tomonlar o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar va ularning istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Jumladan, “Meraque Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda kichik hajmdagi aqlli qishloq xo‘jaligi texnikalari hamda ko‘p funksiyali dronlarni mahalliylashtirish orqali ularni Toshkent viloyatida joylashgan Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish ilmiy-tadqiqot instituti hududida ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish, malakali mutaxassislarni jalb etish va ishlab chiqarish jarayonlarini sifatli hamda tezkor tashkil etishga oid aniq kelishuvlarga erishildi.
Ma’lumki, zamonaviy texnologiyalar, xususan, ko‘p funksiyali dronlar va aqlli qishloq xo‘jaligi texnikalari agrar sohada samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Dronlar yordamida ekin maydonlarini aniqlik bilan monitoring qilish, suv va o‘g‘it sarfini optimallashtirish, zararli hasharotlarga qarshi kurashishning samaradorligini kuchaytirish mumkin.
Bundan tashqari, ushbu texnikalar yordamida hosildorlikni oshirish, mehnat xarajatlarini kamaytirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlashga erishiladi. Texnikani mahalliylashtirish esa narxlarning pasayishi, ehtiyot qismlar va servis xizmatlarining tezkor ta’minlanishini ta’minlaydi.
Muhimi, loyiha doirasida mamlakat ichida yangi ish o‘rinlari yaratilishi, ilmiy-texnik salohiyatning oshishi kutilmoqda. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, raqamli texnologiyalar va aqlli texnikalarning joriy etilishi qishloq xo‘jaligidagi ishlab chiqarish samaradorligini 20–30 foizgacha oshirish imkonini beradi.
Uchrashuv davomida vazir Ibrohim Abdurahmonov loyihani bosqichma-bosqich rivojlantirish, malakali mutaxassislar ishtirokini ta’minlash, dronlardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish uchun maxsus o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini ta’kidladi.

