Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar bilan iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi
2023-12-21 10:50:00 / Yangiliklar
Iqtisodiyot va moliya vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, Tashqi ishlar hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirliklari vakillari ham ishtirok etdi. Xorijiy tomondan Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Alijan Aksoy qatnashdi.
Muloqotda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sarmoya jalb etish va o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi biznesni rivojlantirish istiqbollari hamda ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo hajmini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov va Turkiya elchisi Olgan Bekar biznes sharoitlarini yaxshilash hamda qulay sarmoyaviy muhit yaratish uchun barcha zarur choralarni koʻrishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlash hamda rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Olgan Bekar ikki davlat hamkorlik bo‘yicha katta salohiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Mazkur muzokaralar doirasida O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari muhokama etilishi mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligining tasdig‘i bo‘ldi.