Oʻzbekiston-Vengriya: hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2023-12-19 20:25:00 / Yangiliklar
Uchrashuvda O‘zbekiston-Vengriya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotgani, bunda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin do‘stona aloqalar ikki tomon uchun ham hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishda har qachongidan ham ochiq holda ishlash uchun barqaror va tizimli muhit yaratilayotgani qayd etildi.
Suhbatda vazir Ibrohim Abdurahmonov mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining bugungi holati bilan tanishtirdi va ayni paytda Prezidentimiz boshchiligida yurtimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, qulay sarmoyaviy muhit yaratilayotgani yirik xorijiy korxonalar bilan ishlashda yangi istiqbollar ochayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning muhim tayanchi boʻlib, O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining to‘rtdan bir qismini (27%) tashkil etishi va hozirgi kunda qishloq xo‘jaligining umumiy bozor hajmi 22 milliard dollardan oshgani haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida, shuningdek, O‘zbekistonda har yili 26 million tonna turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirilishi va bu mahsulotlarni 80 dan ortiq mamlakatlarga eksport qilish hajmi barqaror o‘sib borayotgani haqida ta’kidlab o‘tildi.
Uchrashuv davomida venger do‘stlar bilan yaqindan hamkorlik natijasi o‘laroq ko‘pgina istiqbolli loyhalar amaliyotga tadbig‘ etilgani aytib o‘tildi.
Xususan, Bonafarm Grup bilan Toshkent viloyatida (Ohangaron tumani) parrandachilik klasterini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgani va bu birinchi bosqichda umumiy qiymati 150 million evroni tashkil etib, ayni kunlarda loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Uchrashuv so‘ngida qishloq xo‘jaligi sohasida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash yo‘nalishida ikki mamlakat ilm dargohlarining hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham fikr almashildi.