Asosiy kontentga o'tish

Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik rivojlanmoqda

2025-03-27 10:45:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Minnesota soya ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasining ijroiy direktori Josef Smentek rahbarligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari, xususan soya o‘simligini qayta ishlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirish borasida muhokama olib borildi.

Muloqot avvalida Ibrohim Abdurahmonov so‘nggi yillarda ikki tomonlama hamkorlik munosabatlari ishonch va hurmat, o‘zaro manfaatli prinsiplar asosida ravnaq topayotgani, ayniqsa, agrar ta’lim sohasi hamda tajriba almashinuv borasidagi aloqalar har qachongidan ham kengayotganligini mamnuniyat bilan qayd etib, qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini, shuningdek oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv davomida Josef Smentek soya yetishtirish va uni qayta ishlash borasida AQSH kompaniyalarining butun dunyo bo‘ylab amalga oshirayotgan loyihalarini, shuningdek eksport salohiyati borasidagi raqamlarga to‘xtalib o‘tdi hamda soya o‘simligini qayta ishlash, undan ozuqa ishlab chiqarish borasidagi loyihalarni aynan O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yish niyati borligini ma’lum qildi.

O‘z navbatida vazir Ibrohim Abdurahmonov hozirgi kunda hukumatimiz investitsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini, bu borada Qishloq xo‘jaligi vazirligi ham vakolat doirasida yordam berishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. Bunda eng asosiysi, hujjatbozlikdan samarali, amaliy ishga o‘tish har qachongidan ham muhim ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Muloqot davomida soya xomashyosini mamlakatimizga AQSHdan olib kelishdagi transport bilan bog'liq masalalarni yechish hamda iste'molchilar uchun muqobil narxlarda yetkazib berishni ta'minlash muhimligi ta'kidlandi.

Aytish kerak, bugungi kunda jahonda eng ko‘p ishlab chiqarilgan hamda iste’mol qilingan yog‘ soya yog‘i, yem-xashak sanoatida eng ko‘p qo‘llanilgan xomashyo esa soya kunjarasi hisoblanadi.

Hozirgi kunda atrof-muhit ifloslanishining ortib borgani tufayli katta ahamiyat kasb etgan soya tuproq strukturasini yaxshilaydi. Chorva hayvonlari mahsuldorligini oshirishda soya mahsulotlari keng miqyosda qo‘llaniladi.

274

Oxirgi yangilanish: 2025-03-27 10:55:39

Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasida qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik rivojlanmoqda