O‘zbekiston va Italiya: Qishloq xo‘jaligida hamkorlik mustahkamlanmoqda
2025-03-19 09:55:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud qo‘shma loyihalar ijrosi va istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Xususan, Italiya hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan “Orol dengizi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy tiklanish dasturi” doirasidagi amaliy ishlar ko‘rib chiqildi. Orol dengizining ekologik holatini tiklash bugungi kunda dolzarb masala ekani qayd etildi.
Bundan tashqari, Italiyaning Tusha universiteti bilan qishloq xo‘jaligi sohasida mavjud hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Xususan, Italiyada qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yozgi maktab tashkil etish va unga ikki davlat o‘quvchilarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifatini oshirish maqsadida Italiya tajribasidan foydalanish, texnologik qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or amaliyotlar va sifat nazorati mexanizmlarini joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, o‘zbek mahsulotlarining xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish uchun sertifikatlash dasturlari, ilg‘or qayta ishlash usullari bo‘yicha o‘quv kurslari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.