Oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi
2025-02-26 11:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bugungi kunda O‘zbekiston va Misr oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida 10 dan ortiq hamkorlik bitimlari imzolangan bo‘lib, bu ko‘rsatkichni yanada oshirish rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlanganidek, Misr bilan hamkorlik doirasida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalaridagi arab tili o‘qituvchilarining malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirish va Misrdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti delegatsiyasi Misrga tashrif buyurib, bir qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Uchrashuvda oliy ta’lim va ilm-fandagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida ikki mamlakat yetakchi OTMlari va mutaxassislaridan iborat qo‘shma Ishchi guruh tashkil etilgani ham qayd etildi. Ushbu guruhning ilk yig‘ilishi aprel oyida onlayn shaklda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi xalqaro maydonda o‘z nufuzini oshirib bormoqda. Xususan, 2025-yil holatiga ko‘ra, mamlakatimizning 23 ta universiteti Osiyoning eng yaxshi universitetlari reytingidan joy oldi. Shu bois, Misrlik yoshlarni O‘zbekistondagi ta’lim imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida 2025-yil may oyida maxsus ta’lim ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.