Yaponiya yurtimizdagi uchta tibbiyot markazi uchun grant ajratdi
2025-01-10 09:55:00 / Yangiliklar
Unda ikki tomonlama hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi rejalar haqida so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, Yaponiya O‘zbekistonning ishonchli hamkori bo‘lib, kunchiqar mamlakat hukumati ko‘magida yurtimiz tibbiyot muassasalarini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish, kadrlar tayyorlash kabi yo‘nalishlarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov Yaponiya tomonidan mamlakatimiz uchun taqdim etilgan zamonaviy diagnostika uskunalari bilan jihozlangan maxsus tibbiy konteynerlar olis hududlarda yashovchi yurtdoshlarimizni ham zamonaviy tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish imkonini berayotganligini bildirdi.
Yaponiyaning “Sojitz” korporatsiyasi bilan hamkorlikda joriy yilda davlat-xususiy sheriklik asosida Samarqand shahrida 800 o‘rinli klinikaning qurilishi boshlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu Samarqand viloyati aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash imkonini beradi.
Ushbu davlatning bir qancha tibbiyot oliygohlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tibbiyot mutaxassislari tayyorlanmoqda. Uchrashuvda tibbiy ta’lim sohasidagi o‘zaro aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda mazkur dastur doirasida yana uchta loyiha bo‘yicha grant shartnomalari imzolandi.
Shunga ko‘ra, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali, Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika perinatal markazini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash uchun grant mablag‘lari ajratiladi.
Muloqot chog‘ida Xatori Takashi Yaponiya bundan keyin ham O‘zbekistonda yuqori sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga hissa qo‘shishda davom etishini ma’lum qildi.