Birlamchi bo‘g‘inda tibbiyot sifatini oshirish asosiy vazifa bo‘ladi
2024-12-25 09:30:00 / Taqdimotlar
Bu sohadagi sifat o‘zgarishlari shahardan to chekka hududlargacha, bolajonlardan tortib keksalargacha – hammaning hayotida aks etadi. Shu bois unga ajratilayotgan byudjet mablag‘lari har yili ko‘paytirib borilmoqda. Barcha ijtimoiy xizmatlar qatori tibbiyot ham xalqimizga yaqinlashtirilmoqda. Birlamchi bo‘g‘inda 18 mingdan ziyod tibbiy brigada tashkil qilingan.
Kasalliklarni aniqlash va davolash amaliyotiga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Ixtisoslashgan tibbiy xizmatda diagnostika usullari 500 dan, davolash usullari esa 800 dan oshdi. Xususiy tibbiyot rivojiga keng yo‘l ochilgani tufayli xizmatlar tarmog‘i va tanlash imkoniyati ko‘paydi.
2024-yilda sohaga 36 trillion so‘m ajratilgan edi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 25 foiz ko‘pdir.
Birlamchi bo‘g‘inda 6 turdagi skrining tekshiruvi yo‘lga qo‘yildi. Natijada 106 ming odamda qandli diabet, 194 ming nafarida yurak qon-tomir, 2 mingdan ziyod ayolda saraton, mingga yaqin bolalarda onkogematologik kasallik erta bosqichda aniqlandi.
Davolash sifati va samaradorligi alohida e’tibor talab qiladi. Shu maqsadda 2 mingdan ziyod mutaxassis xorijda qayta o‘qitildi. Natijada hududlardagi yuqori texnologik operatsiyalar ulushi 61 foizga yetdi. 43 ta yo‘nalishdagi 191 ta klinik protokol xalqaro andozalar asosida yangilandi.
Ixtisoslashgan markazlar va filiallarda bu yil 100 ming bemor imtiyozli yo‘llanma asosida davolandi. 7 ta ixtisoslashgan markaz sifat nazorati bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi.
2025-yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 41 trillion so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Buning hisobidan yangi shifoxonalar tashkil etish va jihozlash, mavjud quvvatlarni kengaytirish, tibbiy ko‘rik qamrovini kengaytirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu sohadagi asosiy vazifa – birlamchi bo‘g‘inda tibbiyot sifatini oshirish ekanini ta’kidladi. Buning uchun vazirlik vertikalini hududlarda to‘g‘ri ishlatish, ayniqsa, chekka va og‘ir tumanlarga e’tiborni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Bu bo‘yicha turkiyalik ekspertlar 6 ta hududdagi tibbiyot muassasalari faoliyati va ulardagi ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatlarini tizimli isloh qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.
Mutasaddilarga bu masalani chuqur tahlil qilib, birlamchi bo‘g‘in transformatsiyasi bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlash topshirildi.
Ushbu yo‘nalish xodimlarining malaka oshirish dasturi takomillashtiriladi. Nazariy bilim va ko‘nikmalarni egallashdan kompetensiyalarni rivojlantirishga bosqichma-bosqich o‘tiladi.
Shuningdek, kelgusi yil tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari oshiriladi. Oilaviy shifokorlarning mehnat samaradorligi asosida ustama to‘lash tartibi joriy qilinadi.
Hududlarga bo‘layotgan e’tibor izchil davom ettiriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida davlat tibbiy sug‘urtasi amaliyotlari joriy etiladi. Markazlashgan laboratoriya xizmatlari kengaytiriladi. “Xaridlar markazi” va uning 13 ta hududiy filiali tashkil etilib, tibbiy jihozlardan foydalanish elektron tizim orqali nazorat qilinadi.
Yana 35 ta yo‘nalishdagi 400 ta milliy klinik protokollar ishlab chiqiladi. 7 ta ixtisoslashgan markaz va 2 ta oliy ta’lim muassasasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Yig‘ilishda kadrlar masalasiga ham e’tibor qaratilib, tibbiy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini oshirish, uni amaliyot bilan hamohangligini mustahkamlash, bitiruvchilarning birlamchi bo‘g‘inda tajriba orttirishini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.