Xalqaro hamkorlik
2024-12-14 12:25:00 / Yangiliklar
Uchrashuv boshida adliya vaziri Akbar Toshqulov mehmonlarni qutlab, vazirlik va tashkilot oʻrtasida yaqin hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilganligini hamda ular jadal suratlar bilan rivojlanib borayotganligini aytdi.
Shuningdek, A. Toshqulov BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi bilan hamkorlikda Respublika sud ekspertiza markazining laboratoriyalari xalqaro akkreditatsiya standartiga ega boʻlganligi, doimiy ravishda markaz xodimlarining malakasi oshirib kelinayotganligini taʼkidlab oʻtdi.
Oʻz oʻrnida, Janob Stolpe tashkil qilingan uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirib, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarda Adliya vazirligining oʻrni muhim ekanligini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida tomonlar korrupsiyaga qarshi kurashish va aktivlarni qaytarish tizimini mustahkamlash, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik va shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish, jinoiy sudlov va huquqbuzarliklarni oldini olish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish sohalarida amaliy hamkorlikni jadallashtirish muhimligini qayd etdilar.
Shu bilan birga, tomonlar yirik loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro va mintaqaviy tadbirlarda vazirlik vakillari ishtirokini taʼminlash hamda hamkorlikda xalqaro tashkilotlarning texnik yordamini jalb qilishga kelishib oldilar.