O'zbekiston delegatsiyasi XAEA Bosh konferensiyasining 67-sessiyasida ishtirok etdi
2023-10-03 10:15:00 / Yangiliklar

Sessiyada agentlikka a'zo 177 davlat vakillari ishtirok etdi. Hafta davomida ishtirokchilar 2022 yil uchun yillik hisobot, 2024 yil uchun byudjet, yadroviy fan va xavfsizlikni mustahkamlash, shuningdek, XAEAning ushbu sohalardagi faoliyatini muhokama qildilar. Shuningdek, sessiya doirasida, iqlim o'zgarishi, zoonoz kasalliklar va agentlikning «Umid nurlari» tashabbusi bo'yicha 110 ga yaqin tadbirlar o'tkazildi.
Konferensiya bilan bir vaqtda XAEA Atoms4NetZero tashabbusi bilan bog'liq bo'lgan «Nolsiz yadroviy innovatsiyalar» ilmiy forumi bo'lib o'tdi. Unda an'anaviy energiyadan "yashil", arzon va xavfsiz energiyaga o'tish uchun atom energiyasidan foydalanishning innovatsion usullari o'rganildi.
Konferensiyaning ochilish qismidagi ma'ruzasida Bosh direktor Rafael Grossi agentlikning o'tgan yildagi faoliyati va erishgan yutuqlari haqida batafsil so'zlab berdi. U, shuningdek, ikkinchi to'rt yillik muddatga qayta saylangani munosabati bilan qasamyod qildi.
XAEA bosh konferensiyasida "O'zatom" agentligi bosh direktori Bahram Mansurov, O'zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Bekzod Yo'ldoshev, sog'liqni saqlash vazirining o'rinbosari Farrux Sharipov va boshqalardan iborat O'zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
XAEA bosh konferensiyasining yalpi majlisida O'zbekiston delegatsiyasi rahbari ma'ruza qildi. Unda O'zbekistonning XAEA bilan yadroviy infratuzilmani rivojlantirish, yadro tibbiyoti, yadroviy tadqiqot reaktori ekspluatatsiyasi xavfsizligini ta'minlash, o'quv laboratoriyalarini mustahkamlash bo'yicha muvaffaqiyatli qo'shma loyihalar qayd etildi.
Anjuman doirasida O'zbekiston delegatsiyasi qator uchrashuv va muzokaralar o'tkazdi.
Jumladan, o'quv laboratoriyalarini mustahkamlash bosh direktori Rafael Grossi bilan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, XAEAning respublika bilan hamkorligini mustahkamlash va O'zbekistonga ko'rsatilayotgan yordam hajmini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O'zbekistonning yadroviy materiallarni hisobga olish va nazorat qilish tizimi hamda xavfsizlik choralarini ishlab chiqishga qaratilgan "COMPASS" loyihasidagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirildi. Yadroviy materiallarni hisobga olish va nazorat qilish tizimini hamda xavfsizlik choralarini ishlab chiqishga qaratilgan «Umid nurlari» dasturi doirasida yadro tibbiyoti va onkologik kasalliklarni davolash sohasida hamkorlikni kengaytirish taklif etildi. Radiatsiyaviy xavfsizlik sohasida respublika nazorat qiluvchi organining mustaqilligini ta'minlash muhimligi ta'kidlandi.
O'zbekiston tomoni ko'rsatilgan ko'mak uchun minnatdorlik bildirdi va XAEA talab va tavsiyalariga rioya qilgan holda yadroviy xavfsizlik sohasidagi xalqaro majburiyatlarga sodiqligini tasdiqladi.
Bosh direktor o'rinbosari, XAEA atom energetikasi departamenti rahbari Mixail Chudakov bilan kechgan muloqot chog'ida mamlakatda yadroviy infratuzilmani rivojlantirish bo'yicha Integratsiyalashgan ish rejasini (IWP) amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mixail Chudakov O'zbekiston tomoni joriy yilning 9-13 oktyabr kunlari Vena shahrida bo'lib o'tadigan «Iqlim o'zgarishi va yadro energetikasining o'rni» mavzusidagi 2-xalqaro konferensiyada ishtirok etishga taklif qildi.
Tomonlar 2024 yilda O'zbekistonda mintaqa davlatlari vakillari ishtirokida yadro reaktorlari sohasidagi ilg'or texnologiyalarga bag'ishlangan va INPRO (Yadro energetikasini rivojlantirish sohasida innovatsion loyihalar) dasturi doirasida o'tkaziladigan mintaqalararo seminar tashkil etishga kelishib oldilar.
XAEA Bosh direktori o'rinbosari, yadro fanlari va ilovalari departamenti boshlig'i Najata Moxtar bilan uchrashuvda yadro texnologiyalarini turli sohalarda, jumladan, iqtisodiyot, tibbiyot va qishloq xo'jaligi jabhalarida qo'llashning holati va erishilgan yutuqlari muhokama qilindi.
O'zbekistonning ilmiy izlanishlar, amaliy ishlar va ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan turli maqsadlarda foydalanish, jumladan, kasalliklarni tashxislash va davolash, mahsulotlarni sterilizatsiya va radiatsiyaviy himoya qilish sohasidagi yutuqlari yuqori baholandi.
Najata Moxtar O'zbekiston delegatsiyasini 2024 yil noyabr oyiga mo'ljallangan XAEA vazirlar konferensiyasida ko'rgazma stendi bilan ishtirok etishga taklif qildi. Ushbu konferensiyada yadro fani va yadro texnologiyalaridan foydalanish bilan bog'liq masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
Bosh direktor o'rinbosari, xavfsizlik choralari departamenti boshlig'i Massimo Apparo bilan suhbatda O'zbekiston Yadro qurolini tarqatmaslik to'g'risidagi shartnoma va kafolatlarni qo'llash to'g'risidagi shartnoma bo'yicha o'z majburiyatlarini so'zsiz bajarayotgani olqishlandi.
Massimo Apparo respublika hukumatiga yadro xavfsizligini ta'minlash bo'yicha xalqaro majburiyatlari, talablari va tavsiyalariga qat'iy rioya qilayotgani, shuningdek, mamlakatning yadro xavfsizligini rivojlantirishga qaratilgan COMPASS loyihasida birinchilar qatorida ishtirok etgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, O'zbekiston delegatsiyasining, XAEA Bosh direktori o'rinbosari, yadro xavfsizligi va xavfsizligi departamenti rahbari Lidi Evrard, Texnik hamkorlik departamenti rahbari Liu Xua hamda Xitoy, AQSH delegatsiyalari va boshqalar bilan bir qator samarali muzokaralar tashkil etildi.
XAEA bosh konferensiyasi yakunlari bo'yicha bir qator muhim rezolyutsiyalar qabul qilindi.