Bugundan “InnoWeek.Uz-2024”ga start berildi
2024-11-14 14:15:00 / Yangiliklar
Xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsiya jamgʻarmalari, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes inkubatorlar ishtirokida boʻlib oʻtayotgan mazkur tadbir mavjud innovatsion texnologiyalar bilan tanishish barobarida sarmoyadorlarni jalb etish va ishonchli hamkorlar topish uchun ajoyib imkoniyatdir.
Qolaversa, haftalik xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar oʻrtasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, mutlaqo yangi innovatsion rivojlanish bosqichida ustuvor vazifalar toʻgʻrisida fikr almashish uchun muhim maydon sanaladi.
Bu yil haftalikda Xitoy, Malayziya, Tailand, Hindiston, Eron, Turkiya, Germaniya, Koreya, Ispaniya, Qozogʻiston, Rossiya va Qirgʻiziston kabi dunyoning 30 ga yaqin davlatlaridan jami 150 nafardan ortiq vakillar va elchilar ishtirok etadilar. Haftalikka Eron Islom Respublikasi fan, texnologiyalar va innovatsion iqtisodiyot boʻyicha vitse- prezidenti oʻrinbosari Turaj Amrae boshchiligida 15 dan ortiq kompaniya, Tailand Milliy tadqiqot kengashi ijrochi direktori Viparat Deong boshchiligida 15 dan ortiq oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi vakillari va Rossiya Federatsiyasining 20 kishilik delegatsiya vakillari hamda boshqa davlatlarning oliy martabali mehmonlari tashrif buyuradilar.
Haftalikning rasmiy ochilish marosimi 14-noyabr kuni “Oʻzekspomarkaz” konferensiyalar zalida boʻlib oʻtdi. Unda hukumat aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, diplomatik korpus vakillari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, ilm-fan doira vakillari, professor-olimlar, innovatsion gʻoya yetakchilari hamda yosh ixtirochilar ishtirok etdi.
Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharofiddin Rajabboyev, Tailand Milliy tadqiqot kengashi ijrochi direktori Wiparat De-ong, BMT taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujiilar kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
So‘ng haftalik doirasida tashkil etilgan xalqaro innovatsion mahsulotlar koʻrgazmasida 512 ta mahalliy, 34 ta xorijiy tashkilotlar tomonidan “Tijoratlashtirish”, “Startap” va “Ilmiy tadqiqot” loyihalarini amalga oshirish natijasida yaratilgan innovatsion mahsulot namoyish etildi.
Haftalik davomida ishtirokchilarning ilm-fan sohasiga oid bilim va koʻnikmalarini yanada oshirish hamda tajriba almashishlari uchun qulay muhit yaratish maqsadida 22 ta xalqaro forum, konferensiya va seminar, 2 ta mahalliy tadbir haftalik dasturidan oʻrin olgan.