Xalqaro hamkorlik
2024-11-07 14:40:00 / Yangiliklar
Hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, yangi ishbilarmonlik imkoniyatlarini yaratish va iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqining 300 dan ortiq hukumat va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning forum ishtirokchilariga murojaati oʻqib eshittirildi. Unda davlatimiz rahbari ilk bor o‘tkazilayotgan mazkur konferensiya Yevropa bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlashga katta hissa qo‘shishiga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mavjud salohiyatni yuzaga chiqarishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda Oʻzbekistonda Yevropa kapitali ishtirokida 1000 ga yaqin korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Ular uchun elektrotexnika, mashinasozlik, kimyo, togʻ-metallurgiya, energetika, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, turizm va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga eng qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Leyen ishtirokchilarga yo‘llagan videomurojaatida O‘zbekistonning jahon savdo va investitsiyalardagi roli ortib borayotganini, shuningdek, ulkamizning muhim geosiyosiy mavqei va hamkorlikning ulkan salohiyatiga ega ekanini ta’kidladi.
YeIning axborot texnologiyalari, foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligi bildirildi. Bu, oʻz navbatida, yangi korxonalar ochish, ish oʻrinlari yaratish, birgalikda yangi transport va logistika yoʻlaklarini tashkil qilish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov bir qator muhim ko‘rsatkichlarni, jumladan, Yevropa Ittifoqi kompaniyalari bilan umumiy qiymati 30 milliard dollardan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani, 3-Toshkent Xalqaro Investitsiya forumida Yevropa Ittifoqining 320 dan ortiq vakillari ishtirok etganini qayd etdi.
Ishtirokchilarga mamlakatimizda sarmoyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transchegaraviy transport yo‘laklarini rivojlantirish, elektronika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, farmatsevtika va kimyo sanoatida yangi ishbilarmonlik tashabbuslarini shakllantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi ochib berildi.
O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas tusga ega islohotlarning natijalarini, iqtisodiyotning ochiqligi va investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuksak baholab, Yevropa Ittifoqi kompaniyalarini mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalaridagi qo‘shma loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Tadbir yakunlari boʻyicha Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida "Xom ashyoning qoʻshilgan qiymatini yaratish barqaror zanjirlari sohasida strategik sheriklik boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini amalga oshirishga doir “Yoʻl xaritasi” imzolandi.