Xalqaro fan olimpiadalaridagi g‘oliblik uchun 2 milliard 686 million so‘m pul mukofoti berildi
2023-09-11 10:35:00 / Yangiliklar

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda 2022-2023 o‘quv yili davomida nufuzli va mintaqaviy xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning ustozlarini taqdirlash marosimida qayd etildi.
Vazir Hilola Umarova, olimpiada g‘oliblari hamda ularning o‘qituvchilari ishtirok etgan tadbirda xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari asosan aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishida o‘tkazib kelinayotgani, ularda o‘quvchilarimiz munosib ishtirok etayotgani ta’kidlandi.
Davlat rahbarining 2019 yil 3 maydagi “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, oltin medal qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga BHMning 500 baravari (165 million so‘m), ustoziga 450 baravari (148,5 million so‘m); kumush medal uchun o‘quvchi BHMning 300 baravar miqdori (99 million so‘m), ustoziga 250 baravar (82,5 million so‘m), bronza medal uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari (66 million so‘m), ustoziga 150 baravar (49,5 million so‘m) pul mukofotlari bilan taqdirlanishi belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, xalqaro matematika, fizika, kimyo, biologiya olimpiadalari g‘oliblari davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadi.
Asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1 - 3 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar o‘z ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat bilan taqdirlanadi.
Keyinchalik ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritadigan taqdirda har oyda lavozim maoshiga 150 foiz ustama oladi.
Tadbir davomida nufuzli xalqaro olimpiadalar g‘oliblariga 1 milliard 89 million so‘m, ularning o‘qituvchilariga 875 million so‘m hamda mintaqaviy xalqaro olimpiadalar g‘oliblariga 130 million pul, qimmatbaho sovg‘alar va ularning o‘qituvchilariga 593 million so‘m pul, jami 2 milliard 686 million so‘m pul mukofoti berildi.
Muhayyo Toshqorayeva

