Qishloq xo‘jaligida ilmiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-10-30 17:15:00 / Yangiliklar

Muloqotda kompaniyaning ilmiy salohiyati, jumladan, sho‘r tuproq sharoitiga chidamli ekin navlarini o‘rganish va yaratish borasidagi tadqiqotlari yuzasidan fikr almashildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qishloq xo‘jaligida tuproq degradatsiyasi va sho‘rlanishiga qarshi kurashish, yer resurslaridan samarali foydalanish hamda zamonaviy ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish xalqaro hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
Uchrashuvda aytib o‘tilganidek, BGI Group kompaniyasi tadqiqotchilari sorgo va bug‘doy kabi ekinlarning sho‘r-ishqorli muhitga chidamliligini oshirishga xizmat qiluvchi genetik mexanizmlarni o‘rganish, jumladan, AT1 geni bilan bog‘liq ilmiy izlanishlar olib borgan.
Bu jihatdan olib qaraganda, kompaniyaning mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlari sho‘rlangan yerlardan samarali foydalanish, bunday hududlarga mos ekinlarni tanlash va ularning hosildorligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning tuproq-iqlim sharoitiga mos ilmiy yechimlarni ishlab chiqish, mahalliy olimlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi hududida zamonaviy laboratoriya tashkil etish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

