Oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik kengaymoqda
2026-10-30 16:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, universitetlararo aloqalarni mustahkamlash hamda mavjud kelishuvlarni amaliy loyihalar bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.
Bugungi kunda O‘zbekistonning 28 ta oliy ta’lim tashkiloti Polshaning 40 ga yaqin universiteti va ilmiy-ta’lim tashkiloti bilan 70 dan ortiq kelishuv va memorandumlar asosida hamkorlik qilmoqda. Ushbu aloqalar Erasmus+ kabi xalqaro ta’lim dasturlari doirasida ham rivojlanib bormoqda.
Tomonlar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilar ekan, avvalgi yillarda o‘tkazilgan universitetlar rektorlari forumlarida erishilgan natijalar alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Jumladan, 2024-yil iyul oyida Varshavada o‘tkazilgan rektorlar davra suhbatida 24 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan. 2025-yil aprel oyidagi ikkinchi rektorlar forumida esa O‘zbekistonning 17 ta va Polshaning 20 ta universiteti ishtirok etib, 37 ta hamkorlik kelishuviga erishilgan.
Joriy yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazilgan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo universitetlari kongressi ham ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun muhim maydon bo‘ldi. Mazkur tadbir doirasida O‘zbekiston va Polsha oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan niyatlar to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan edi.
Uchrashuvda mavjud salohiyatdan samarali foydalanish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Xususan, muhandislik, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va iqtisodiyot yo‘nalishlarida qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish, ikki tomonlama diplom berish amaliyotini rivojlantirish hamda o‘quv dasturlarini muvofiqlashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish, Polsha hukumatining stipendiya dasturlari bo‘yicha axborot almashinuvini kuchaytirish, o‘zbekistonlik yoshlar va olimlar uchun ta’lim hamda ilmiy stajirovka imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, universitetlar va ilmiy tashkilotlarning Erasmus+ hamda Horizon Europe kabi xalqaro dasturlardagi ishtirokini kengaytirish, qo‘shma tadqiqot loyihalari va professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish ham muhim vazifalar sifatida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida universitetlar o‘rtasida avval erishilgan kelishuvlar ijrosini izchil davom ettirish, hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqish va qo‘shma tashabbuslarning amaliy natijadorligini oshirish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish ikki mamlakat universitetlari aloqalarini mustahkamlash, yoshlar uchun yangi ta’lim imkoniyatlarini yaratish hamda ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.