O‘zbekiston va Iordaniya investitsiyaviy hamkorlikni kengaytiradi
2026-10-28 09:40:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida Iordaniyaning davlat idoralari va yetakchi kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, energetika, geologiya, tog‘-kon sanoati va transport logistikasi sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Iordaniya Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida O‘zbekiston–Iordaniya davra suhbati tashkil etildi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, investitsiyalarni jalb qilish va o‘zaro savdo hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Iordaniyalik hamkorlarga O‘zbekistonning investitsiyaviy imkoniyatlari va biznes yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar taqdim etildi.
Tashrif yakunida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va salohiyatli qo‘shma loyihalar belgilab olindi, shuningdek, ularni amaliy ro‘yobga chiqarish bo‘yicha keyingi qadamlar kelishib olindi.


