Qohirada O‘zbekistonning suv diplomatiyasi va xalqaro hamkorlik
2026-10-27 09:15:00 / Yangiliklar

“Suv – tinchlik, umumiy farovonlik va barqaror sayyora omili” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanda suv resurslarini samarali boshqarish, transchegaraviy suv hamkorligi, iqlim o‘zgarishiga moslashish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev “Umumiy suv havzalari doirasida suv diplomatiyasi va ilmiy asoslangan hamkorlik” mavzusidagi yuqori darajali vazirlar sessiyasida ma’ruza qildi. Unda O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda suv diplomatiyasini rivojlantirish, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda Orol dengizi havzasidagi ekologik muammolarni hal etish borasidagi tajribasi taqdim etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonning 2027–2029-yillarda-Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raisligi davrida mintaqaviy suv hamkorligini yanada rivojlantirish va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni kengaytirishga qaratilgan ustuvor vazifalar xususida axborot berildi.
Anjuman doirasida qator xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, Turkiya qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ebubekir Gizligider bilan muzokaralar yakunida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida suv xo‘jaligi sohasida 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma dastur imzolandi. Unda suv tejovchi texnologiyalar, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, ilmiy tadqiqotlar va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik nazarda tutilgan.
Misr Arab Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Hani Sevilam bilan sohadagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonning Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti hamda Misr Milliy suv tadqiqotlari markazi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat qo‘shma tadqiqotlar, raqamli monitoring, suv tejovchi texnologiyalar va mutaxassislar almashinuvini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) rahbariyati bilan uchrashuvda O‘zbekistonning mintaqaviy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, 2026-yil dekabrdagi BMT Suv konferensiyasi hamda 2027-yilgi Butunjahon suv forumi doirasida Markaziy Osiyo suv masalalariga bag‘ishlangan tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shu bilan birga, Islom oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti (IOFS) va Qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) vakillari bilan qurg‘oqchilikka chidamli ekinlar, suvni tuzsizlantirish, sho‘rlangan yerlarni tiklash, yomg‘ir suvlaridan foydalanish va qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Qohira suv haftaligidagi ishtirok O‘zbekistonning xalqaro suv diplomatiyasidagi faolligini oshirish, ilg‘or tajribalarni mamlakatimiz suv xo‘jaligiga tatbiq etish va mintaqaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.


