Agrar hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilandi
2026-10-26 17:25:00 / Yangiliklar

Muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi agrar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, Germaniyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga joriy etish, ilmiy-tadqiqot aloqalarini kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari savdo aylanmasi 61,3 million AQSh dollarini tashkil etdi. Shuningdek, 2024-yil 15-sentabrda veterinariya va chorvachilik sohasida imzolangan memorandum ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS) negizida Germaniya agrar markazini tashkil etish, fermerlarni moliyalashtirish dasturlarini ishlab chiqish hamda agrar kreditlash tizimiga Germaniya tajribasini joriy qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi kooperativlarini boshqarishda ilg‘or yondashuvlardan foydalanish va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida texnologiyalar almashinuvi uchun mintaqaviy platforma tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Ta’lim va amaliy tayyorgarlik yo‘nalishida Vaynshtefan–Trizdorf universiteti bilan hamkorlikda 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan, 50 gektar tajriba maydonini qamrab oluvchi zamonaviy o‘quv-amaliy markaz tashkil etish masalasi ham muhokama qilindi.
Ilmiy hamkorlik doirasida Germaniyaning Yulius Kyun instituti bilan sholi yetishtiriladigan maydonlarda tuproq unumdorligini saqlash va oraliq ekinlarni yetishtirish texnologiyalarini takomillashtirish, Xoenxaym universiteti bilan esa ingichka tolali g‘o‘za yetishtirishda suv tejovchi va raqamli agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish istiqbollari yuzasidan takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil davom ettirish, ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha kelishib oldilar.

