Xiva shahrida an’anaviy “Qovun sayli” festivali o‘tkazilmoqda
2023-08-14 09:25:22 / Yangiliklar

Ochilish marosimida ta’kidlanganidek, festivalda mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan mirishkor bobodehqonlar o‘zlari yetishtirgan 300 tonnadan ortiq qovun, tarvuz, oshqovoq kabi poliz mahsulotlari hamda meva-sabzavotlar bilan ishtirok etmoqdalar.
Shundan so‘ng vazir Aziz Voitov ko‘rgazma pavilyonlarini ko‘zdan kechirar ekan, turli hududlardan kelgan fermer va bobodehqonlar bilan poliz mahsulotlarini yetishtirishning nozik jihatlari, tilimi tilni yoradigan qovunlarning hosildorligini oshirish uchun agrotexnik tadbirlarni o‘tkazishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar haqida suhbatlashdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Qovun sayli” festivalida mezbon Xorazm viloyati bobodehqonlari 1000 tonnaga yaqin mahalliy Gurvak navli qovun turlari, 400 tonnadan ortiq tarvuz, 200 tonna oshqovoq va 100 tonnadan ortiq meva-sabzavotlari bilan ishtirok etishmoqda.
“Qovun sayli-2023” xalqaro festivali yakunida ishtirokchilar orasidan quyidagi nominatsiyalar boyicha g‘oliblar aniqlanadi:
Qovunchilikda yangi innnovatsion texnologiyalarni joriy qilish;
Qovunchilikda yangi navlarni mahalliylashtirish;
Qovunchilikda eng yuqori hosildorlikka erishish;
Qadimiy an’anaviy Xorazm qovunlari navlarini tiklash;
Eng yaxshi yosh qovunchi fermer.
Festival g‘oliblariga Gentra, Nexia-3, Spark, Damas avtomobillari hamda qimmatbaho sovg‘alar va tashakkurnomalar topshiriladi.

