O‘zbekiston-Hindiston biznes-forumi
2024-09-30 10:00:00 / Yangiliklar
Unda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining oʻrinbosari Shohrux Gulamov, vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, kimyo sanoati, elektrotexnika sanoati, farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari, transport va logistika sohalaridagi 100 ga yaqin yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.
Forum ishtirokchilariga qutlov soʻzi bilan chiqqan Jamshid Xojaev Hindiston tomoniga delegatsiyaning nufuzli tarkibi uchun minnatdorlik bildirdi va ushbu Forum ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va yangi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun samarali platforma boʻlib xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Hindiston tomoni bilan oʻzaro hamkorlik hajmi izchil ortib borayotgani qayd etildi. Shu tariqa, so‘nggi besh yil ichida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar ortib, 2023-yil oxiriga kelib qariyb 800 million dollarga yetdi. Yil boshidan buyon bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga oshib, 600 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda Hindiston kapitali ishtirokidagi 317 kompaniya muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Ma'ruzachi mamlakatimizda yaratilgan investitsiya muhitining bir qator amaliy jihatlari, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalari, investorlar huquqlarini himoya qilish, raqamlashtirish, rivojlangan infratuzilma, Yevropa Ittifoqi, MDH va boshqa mintaqalar bozorlariga imtiyozli eksport qilish imkoniyatlari haqida so‘z yuritdi.
Forum doirasida B2B formatida uchrashuvlar ham boʻlib oʻtdi, unda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari oʻz hamkasblari bilan oʻzaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish rejalarini atroflicha muhokama qilishdi.
Tadbir so‘ngida “Investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish to‘g‘risida”gi hukumatlararo bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.