Tibbiyotdagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi
2026-10-09 10:50:00 / Yangiliklar

Muloqotda ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari bilan barcha sohalar qatori tibbiyotda ham o‘zaro aloqalar tobora kengayib, yangi mazmun bilan boyib borayotgani ta'kidlandi.
Jumladan, tibbiy ta’lim, shifokorlar malakasini oshirish, farmatsevtika tarmog‘i, birlamchi bo‘g‘inni rivojlantirish, ona va bola salomatligini asrash kabi yo‘nalishlarda samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Muzokaralar chog‘ida Eldor Adilov ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Ulardan biri 100 nafar shifokor uchun O‘zbekiston va Qozog‘istonning yetakchi tibbiyot muassasalarida onkologiya, neyroxirurgiya, transplantologiya, kardiojarrohlik, pediatriya va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha qisqa muddatli stajirovkalar tashkil etishni ko‘zda tutadi.
Vazir birlamchi tibbiy-sanitariya yordami va patronaj xizmatini takomillashtirish, chegaraoldi hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ayrim dori vositalariga bo‘lgan talabni prognozlash hamda ularni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini o‘rganishni ham taklif etdi.
Buning uchun har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasi tayyorlanadi.
— Hamkorligimiz o‘tkazilgan uchrashuv yoki imzolangan memorandumlarning soni bilan emas, aniq natijalar bilan o‘lchanishi kerak, — dedi Eldor Adilov.
O‘z navbatida, Akmaral Alnazarova chegaraoldi hududlardagi tibbiyot muassasalari o‘rtasida aloqalarni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro tajriba almashinuvini davom ettirish muhimligiga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuv yakunida kelgusi yillar uchun amaliy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

