Davlatlararo suv hamkorligi bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi
2026-10-09 09:15:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Tojikistonning suv xo‘jaligi sohasiga mas’ul vakillari Amudaryo va Sirdaryo havzalari suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv taqsimoti hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev 2026-yilgi vegetatsiya davrida Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv xo‘jaligi vaziyati, suv resurslaridan foydalanish ko‘rsatkichlari va suv ta’minotining o‘ziga xos jihatlari haqida axborot berdi.
Vazir 2026–2027-yillardagi vegetatsiyalararo davr uchun suv olish limitlari hamda suv omborlari kaskadlarining prognoz ish rejimlarini o‘zaro kelishgan holda tasdiqlash muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, suv xo‘jaligi tizimlarini muvofiqlashtirilgan holda boshqarish, suv hisobi va monitoringini takomillashtirish, gidropostlarni modernizatsiya qilish hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish zarurligini qayd etdi. Gidrologik vaziyat o‘zgarganda tezkor axborot almashish va maslahatlashuvlarni yo‘lga qo‘yish muhimligiga e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Markaziy Osiyoda suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Ushbu tashabbuslardan kelib chiqib Shavkat Xamrayev O‘zbekiston davlatlararo suv hamkorligi mexanizmlarini yanada takomillashtirish yuzasidan mintaqaning barcha davlatlari bilan konstruktiv muloqotga tayyor ekanini bildirib, ularni bu jarayonda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Yig‘ilishda Turkmaniston Suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi D. Gendjiyev, Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri N. Nurjigitov hamda Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vazirligining suv va energetika siyosati bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i D. Abdurazzoqzoda ham so‘zga chiqdi.
Kun tartibi doirasida mintaqadagi suv resurslaridan samarali foydalanish va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari sammitlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan hisobotlar eshitildi.
Yig‘ilishning muhim natijasi sifatida 2026–2027-yillardagi vegetatsiyalararo davr uchun Amudaryo va Sirdaryo havzalari bo‘yicha davlatlarning suv olish limitlari tasdiqlandi.
«Amudaryo» va «Sirdaryo» havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari rahbarlarining 2026 yilgi vegetatsiya davrida suv olish limitlariga rioya etilishi va suv omborlarining amaldagi ish rejimlari yakunlari haqidagi hisobotlari tinglandi.
Kerki gidropostidan uzatilayotgan ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlash, Amudaryoning yuqori, o‘rta va quyi oqimidagi iste’molchilarning suv ta’minotini mutanosib boshqarish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, Sirdaryo havzasida suv resurslarini avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar rejasini tayyorlash jarayoni ma’qullandi.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari sammitlarida ilgari surilgan tashabbuslar ijrosi, Jamg‘armaning Ilmiy-axborot markazi va ijro etuvchi organlari faoliyati ham ko‘rib chiqildi.
Tadbirda 2026-yil dekabr oyida Abu-Dabida o‘tkazilishi rejalashtirilgan BMTning Suv konferensiyasi va 2027-yil mart oyida Ar-Riyodda o‘tkazilishi rejalashtirilgan 11-Jahon suv forumiga tayyorgarlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining navbatdagi 96-yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishildi.
Yig‘ilish yakunida tegishli bayonnoma imzolandi.