O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-09-25 09:20:00 / Yangiliklar

“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda madaniyat va san’at sohasidagi O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarining bugungi holati, mavjud hamkorlik yo‘nalishlari hamda ularni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar ikki mamlakat xalqlarining mushtarak tarixi, madaniyati va qadriyatlariga tayangan holda izchil rivojlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2018-yil 30-aprelda imzolangan “Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Bitim” ikki tomonlama madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikning huquqiy asosini tashkil etadi. Shuningdek, 2024-yil 6-iyun kuni rasmiy tashrif doirasida “O‘zbekiston Madaniyat vazirligi va Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi o‘rtasida madaniyat sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bayonnoma” imzolangan bo‘lib, ushbu hujjatlar asosida so‘nggi yillarda ikki mamlakatning madaniyat va san’at sohasidagi hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilib, o‘zaro madaniy almashinuvlar, ijodiy uchrashuvlar va qo‘shma loyihalar ko‘lami kengayib bormoqda.
Mazkur huquqiy asos doirasida madaniyat va san’at sohasida tajriba almashish, ijodiy jamoalar va san’atkorlar o‘rtasida aloqalarni rivojlantirish, madaniy tadbirlar tashkil etish, kino, teatr, musiqa, adabiyot va boshqa yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik izchil davom ettirilmoqda. Uchrashuvda madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, ikki mamlakat madaniyat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, ijodiy almashinuvlarni faollashtirish hamda qo‘shma madaniy loyihalarni ko‘paytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi mavjud hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalanish, madaniyat va san’atning turli yo‘nalishlarida yangi tashabbuslarni ilgari surish hamda o‘zaro tajriba almashinuvini yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv O‘zbekiston–Turkiya madaniy-gumanitar aloqalarini yanada mustahkamlash, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi madaniy muloqotni kengaytirish va sohadagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.


