Toshkentda “Hamshiralar uchun Germaniya tibbiyot akademiyasi” tashkil etiladi
2024-09-18 09:25:00 / Yangiliklar
Bu haqda Samarqandda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Germaniyaning "Globogate Concept AG" konserni o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasida belgilab qo‘yildi.
“Davolash bo‘yicha Yevropadagi ikkinchi yirik Universitet klinikasi Aaxen bilan birgalikda Toshkentdagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi 1-Respublika tibbiyot texnikumi bazasida nemis tibbiy-ta’lim dasturlari asosida “Hamshiralar uchun Germaniya tibbiyot akademiyasi” tashkil qilinadi. Bir yil davomida kasb va til o‘rgatiladi. Muhimi, ular diplom olish bilan bir qatorda Germaniyada ishlash huquqini beruvchi kasbiy sertifikatni ham qo‘lga kiritadi”, - dedi "Globogate Concept AG" konserni bosh direktori Sang Vu Pay.
Shartnomada fuqarolarimizning huquqlari ikki davlat qonunlari bilan himoya qilinishi belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga Germaniya temir yo‘llari ("Deutsche Bahn”) uchun mutaxassislar tayyorlanadi
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Germaniyaning “DB Engineering Consulting Operations Group” kompaniyasi o‘rtasida ayni maqsadga qaratilgan bayon imzolandi.
"Deutsche Bahn” - Germaniyaning asosiy temir yo‘l operatori sanaladi. 100% davlat ishtirokidagi aksiyadorlik jamiyati. Kompaniyaning umumiy aylanma kapitali 76 mlrd 303 million yevroni tashkil qiladi.
Endilikda Germaniyada transport, muhandislik sohalarida ishlash istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz ushbu davlat standartlari asosida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik hamda Transport vazirliklari qoshidagi kasbiy ta’lim muassasalarida germaniyalik mutaxassislar tomonidan til va kasbga o‘rgatiladi.
“Germaniya temir yo‘l transporti, avtobus, metropoliten tizimi uchun mutaxassislarga ehtiyojimiz baland va ularni nemis standartlari asosida O‘zbekistonda o‘qitib, kasb va til imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni esa “Deutsche Bahn” tarmog‘iga ishga joylashtirishga tayyormiz”,– dedi Niko Varbanoff