Turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-08-27 14:25:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekistonda gastronomik turizm va mehmondo‘stlik industriyasini rivojlantirish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari, shuningdek, milliy gastronomiya industriyasini xalqaro professional muhitga integratsiya qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
“Gault&Millau” — 1969-yilda jurnalistlar Anri Go (Henri Gault) va Kristian Miyo (Christian Millau) tomonidan tashkil etilgan fransuz gastronomik gididir. Nashr dunyoning eng nufuzli restoran gidlaridan biri bo‘lgan mashhur “Sariq gid”ni (Guide Jaune) e’lon qiladi. Bugungi kunda brend 21 ta mamlakatda faoliyat yuritib, qariyb 16 mingta restoran haqidagi ma’lumotlar bazasiga, 400 ga yaqin inspektordan iborat tarmoqqa hamda qariyb 20 million obunachidan iborat auditoriyaga ega.
Uchrashuvning asosiy masalalaridan biri O‘zbekistondagi restoran va mehmonxonalarni “Gault&Millau” xalqaro ekspertlari tomonidan mustaqil baholash imkoniyati bo‘ldi. Bunda inspeksiyalar anonim tarzda faoliyat yurituvchi mutaxassislar tomonidan o‘tkazilishi, natijalar va tavsiyalar esa xalqaro hamda milliy axborot resurslarida e’lon qilinishi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, hajmi 200–250 sahifadan iborat, o‘zbek va ingliz tillarida tayyorlanadigan hamda 2 500 nusxada nashr etiladigan O‘zbekiston milliy gastronomik gidini ishlab chiqish va nashr etish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.
Hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi — “Gault&Millau” xalqaro platformasida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maxsus raqamli bo‘lim yaratish. Mazkur bo‘lim orqali mamlakatimiz restoranlari, mehmonxonalari va gastronomik mahsulotlarini keng xalqaro auditoriyaga taqdim etish imkoniyati yaratiladi.
Mazkur tashabbuslarning amalga oshirilishi O‘zbekiston restoran va mehmonxona industriyasining xalqaro miqyosdagi mustaqil bahosini shakllantirish, mamlakatning istiqbolli gastronomik yo‘nalish sifatidagi nufuzini oshirish, “Gault&Millau” global raqamli platformasidagi ishtirokini kengaytirish hamda xalqaro sayyohlar, professional hamjamiyat va ommaviy axborot vositalarining e’tiborini yanada jalb etishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi hamda kelgusidagi qo‘shma tadbir va loyihalarni kelishish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.