Paxtani chuqur qayta ishlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi
2026-08-21 09:25:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda paxtani yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlash, tayyor to‘qimachilik mahsulotiga aylantirishgacha bo‘lgan jarayonning barcha bosqichlari atroflicha tahlil qilindi. Xususan, joriy yil yakunlari, paxta yetishtirish ko‘rsatkichlari, ip-kalava ishlab chiqarish va uni qayta ishlash darajasi, shuningdek, faoliyat yuritayotgan korxonalarning mavjud holati va ishlab chiqarish salohiyati yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, paxta xomashyosini qayta ishlash bilan cheklanib qolmasdan, uning har bir bosqichida qo‘shimcha qiymat yaratish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Shu nuqtayi nazardan, paxtani chuqur qayta ishlash zanjirini yanada takomillashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va tayyor mahsulot ulushini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar davomida sun’iy tola asosidagi ip-kalava ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish hamda to‘qimachilik korxonalarining xomashyo va moliyaviy resurslardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida bildirilgan takliflar va tahlillar asosida sohada mavjud muammolarga aniq yechimlar ishlab chiqish, paxtani chuqur qayta ishlash ko‘lamini kengaytirish hamda tayyor, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni oshirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

