Oila va xotin-qizlar bilan ishlashning ustuvor vazifalari belgilab olindi
2026-08-07 09:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnoza Kattaxonova, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi, poytaxt mutasaddilari hamda xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.
Muloqotda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish va og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan ayollarga manzilli ko‘mak ko‘rsatish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan 5 ta ustuvor yo‘nalish asosida respublika bo‘yicha 1 137 ta mahallada 2,3 milliondan ortiq xotin-qiz bilan xonadonbay muloqot o‘tkazildi.
“Xotin-qizlar balansi” ma’lumotlar bazasini sog‘liqni saqlash, ta’lim va statistika tizimlari bilan integratsiya qilish hamda ijtimoiy yordamga muhtoj ayollarni barvaqt aniqlash taklif etildi.
Bola parvarishi ta’tilidan qaytayotgan ayollarni qayta tayyorlash, o‘qish xarajatlarining bir qismini qoplash va mahalla xotin-qizlar faollari tomonidan elektron platforma orqali o‘quv kurslariga yo‘llanma berish tizimini joriy etish ilgari surildi.
“Zulfiyaxonim izdoshlari” forumini tashkil etish, olima ayollar ishtirokida ma’rifiy loyihalarni kengaytirish va qizlarni sportga keng jalb etish tashabbuslari bildirildi.
Muloqot yakunida Senat Raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqib, oila va xotin-qizlar masalasi jamiyat barqarorligini belgilovchi strategik vazifa ekanini ta’kidladi. Ajrimlarning oldini olish, mehnat migratsiyasidan qaytgan ayollarni jamiyatga qayta integratsiya qilish va Toshkent shahri tajribasini boshqa hududlar uchun namunaga aylantirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.


