O‘zbekiston–Hindiston biznes hamkorligining istiqbollari belgilandi
2026-08-04 12:20:00 / Yangiliklar

Unda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Hindiston Savdo va sanoat vaziri Piyush Goyal, Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI) hamda Invest India agentligi rahbarlari, shuningdek, ikki mamlakatning 100 dan ortiq ishbilarmon doiralari va yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Forum davlat va biznes kun tartibini o‘zida mujassam etdi. Ishtirokchilar savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holatini muhokama qilib, uni rivojlantirishning asosiy zaxiralarini belgiladilar hamda kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini aniqladilar.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Hindiston xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik bugungi kunda strategik sheriklik va o‘zaro ishonchga tayanadi. Ikki davlat rahbarlari belgilab bergan yo‘l tufayli ikki tomonlama munosabatlar savdo, investitsiya va sanoat kooperatsiyasi tashabbuslari bilan izchil boyib bormoqda.
Forumning asosiy mavzularidan biri o‘zaro savdo bo‘ldi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 30 foizga oshib, ilk bor 1,3 milliard AQSh dollaridan oshdi. Tomonlar bozorlarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, tartib-taomillarni soddalashtirish va ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish orqali ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard AQSh dollariga yetkazishni maqsad qilgan. Shu maqsadda Savdoga ko‘maklashish bo‘yicha Anglashuv memorandumi tayyorlanmoqda.
Ikki mamlakat iqtisodiyotlarining o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi xususiyati alohida qayd etildi. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari, o‘g‘itlar, kimyo mahsulotlari, rangli metallar, to‘qimachilik, elektrotexnika mahsulotlari hamda boshqa sanoat mahsulotlari eksportini kengaytirishga tayyor. Hindistondan esa farmatsevtika mahsulotlari, texnologiyalar, mashina va uskunalar hamda avtomobil butlovchi qismlari importini oshirish imkoniyatlari mavjud.
Investitsiya kun tartibi ham alohida ko‘rib chiqildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Hindiston kapitali ishtirokidagi qariyb 400 ta korxona faoliyat yuritmoqda, qo‘shma loyihalar portfeli esa 5 milliard AQSh dollaridan oshadi. Hindiston biznesi bozorni o‘rganish bosqichidan amaliy investitsiyalar bosqichiga o‘tayotgani qayd etildi.
Ustuvor yo‘nalishlar sifatida metallurgiya va konchilik sanoati, kimyo, energetika va raqamli infratuzilma, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, mashinasozlik hamda agrosanoat majmuasi belgilandi. Asosiy e’tibor xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliylashtirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, qayta tiklanuvchi energetika va ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish, shuningdek, zamonaviy tibbiyot va agrosanoat obyektlarini barpo etishga qaratildi.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonning ishlab chiqarish va eksport maydoni sifatidagi afzalliklari taqdim etildi. Korxonalarni mamlakatda mahalliylashtirish investorlarga jadal rivojlanayotgan ichki bozor hamda boshqa mintaqalarga eksport qilish uchun keng imkoniyatlar yaratishi ta’kidlandi.
B2B va G2B uchrashuvlari davomida kompaniyalar va davlat idoralari vakillari aniq takliflar, hamkorlik shakllari, moliyalashtirish mexanizmlari hamda keyingi qadamlarni muhokama qildilar. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi istiqbolli loyihalarni maydon tanlash va moliyalashtirishni shakllantirishdan tortib, obyektlarni ishga tushirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqladi.
O‘tkazilgan muzokaralar o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash hamda amaliy kun tartibini shakllantirish imkonini berdi. Endilikdagi ustuvor vazifa eng puxta ishlab chiqilgan takliflarni qisqa muddatda aniq investitsiya loyihalariga aylantirishdan iborat.


