O‘zbekiston va ACIR yangi imkoniyatlarni muhokama qildi
2026-07-31 09:50:00 / Yangiliklar

Muzokaralarda qishloq xo‘jaligida innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish hamda xalqaro grant dasturlari orqali sohaga investitsiyalar jalb etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Jahon banki moliyalashtirishi asosida amalga oshirilayotgan MUNIS 2 dasturi doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishtirokidagi loyihalar sonini oshirish bo‘ldi.
Tomonlar vazirlik tizimidagi olimlar, tadqiqotchilar va agrobiznes vakillari uchun grant arizalarini tayyorlash, tijoratlashtirish rejalarini ishlab chiqish, bozor tahlili o‘tkazish hamda intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha tizimli o‘quv dasturlarini tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Muzokaralarda vazirlikning qishloq xo‘jaligi sohasida innovatsion ekotizimni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalari ham muhokama qilindi. Jumladan, agrotexnologik startaplar va ilmiy ishlanmalarni inkubatsiya qilish, grant dasturlarini kengaytirish, istiqbolli g‘oyalarni bozorga olib chiqish hamda xalqaro tajribani O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, ACIR ishtirokida yaqin istiqbolda o‘quv, konsalting va innovatsion dasturlarni ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, qishloq xo‘jaligida ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga keng joriy etish, innovatsion g‘oyalarni tijoratlashtirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

