Xalqaro hamkorlik
2024-08-28 14:30:00 / Yangiliklar
Uchrashuv avvalida, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha sohalar qatori madaniyat va san’at sohasida ham tobora rivojlanib borayotganligi, O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari oxirgi besh yilda jadal rivojlanganligi ta’kidlandi.
“O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlarda Turkiya vakillari doimiy ravishda ishtirok etib kelmoqdalar. Xususan, joriy yil iyun oyida Zominda tashkil etilgan Xalqaro maqom san’ati anjumanida Turkiya Prezidenti maslahatchisi Yalchin Topchu ishtirok etgani Rahbariyatimiz tomonidan alohida e’tirof etildi. Shuningdek, ayni kunlarda Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida turkiyalik musiqashunos olimlar qatnashayotgani hamda xalqaro hay’at a’zoligida Turkiya vakili ishtirok etayotgani bizni quvontiradi.” - dedi vazir Ozodbek Nazarbekov.
Uchrashuv davomida Turkiya Respublikasining Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy tomonidan 2025-yilda “Turkiya madaniyati kunlari”ni O‘zbekistonda tashkil etish taklif etildi.
Uchrashuv yakunida, madaniyat va san’at sohasida hamkorlikning ko‘lamini yanada kengaytirish borasida bir qator masalalar kelishib olindi.