Yaponiyaning “Kubota Corporation” kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv
2026-07-23 09:35:00 / Yangiliklar

Delegatsiyaga kompaniyaning Suv va ekologik infratuzilma bo‘yicha xalqaro savdo departamenti direktori Xiroomi Yoshikava boshchilik qildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida suv xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, nasos stansiyalari hamda boshqa gidrotexnika inshootlarini rekonstruksiya qilish, shuningdek, raqamli boshqaruv va monitoring tizimlarini keng tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda “Kubota Corporation” kompaniyasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hujjat suv resurslarini boshqarish, irrigatsiya va suv xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma pilot loyihalarni ishlab chiqish hamda mutaxassislar malakasini oshirish yo‘nalishlarida uzoq muddatli hamkorlik uchun huquqiy asos yaratadi.
Tomonlar imzolangan memorandum ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi hamda O‘zbekiston suv xo‘jaligi tarmog‘iga zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or xalqaro tajribani joriy etishga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.


