O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligi kengaymoqda
2026-07-20 10:10:00 / Yangiliklar

Tomonlar savdoni kengaytirish, investitsiyaviy sheriklik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Yanvar–may oylarida tovar ayirboshlash hajmi qariyb 40 foizga oshdi, uni 1 milliard AQSH dollariga yetkazish vazifasi tasdiqlandi.
Geologiya-qidiruv ishlari, qimmatbaho metallar qazib olish, to‘qimachilik sanoati, turizm va shaharsozlik sohalaridagi loyihalar, shuningdek farmatsevtika, elektrotexnika va oziq-ovqat sanoati hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Alohida e’tibor hududlararo aloqalar, avgust oyida bo‘lib o‘tadigan 4-O‘zbekiston–Ozarbayjon forumini o‘tkazish hamda ikki tomonlama investitsiya kompaniyasi portfelini kengaytirish masalalariga qaratildi.
Yakunlar bo‘yicha Hukumatlararo komissiya bayonnomasi va bitimlar paketi investitsiyalar, moliyalashtirish, sanoat kooperatsiyasi, geologiya-qidiruv ishlari va mineral resurslarni o‘zlashtirish sohalarida imzolandi.

