Sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik rivojlanmoqda
2026-07-16 09:40:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining tibbiyotni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Tamila Aliyeva hamda sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirgan ishchi tashrifi doirasida qator yuqori darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Safar davomida Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Hukumat Raisining o‘rinbosarlari Aleksey Overchuk va Dmitriy Grigorenko bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Aleksey Gromov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir Mixail Murashko bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning tibbiyot, ilmiy va ta’lim muassasalari rahbarlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Muzokaralar doirasida tibbiy yordamni tashkil etish tizimini takomillashtirish, sog‘liqni saqlashni raqamlashtirish, telemeditsinani rivojlantirish, bemorlarni masofadan turib kuzatish hamda tibbiyot kadrlarini tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar sessiyasi o‘tkazildi.
Tomonlar onkologiya, radiologiya, yadro tibbiyoti, gematologiya, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiy reabilitatsiya va palliativ yordam sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Majburiy tibbiy sug‘urta federal jamg‘armasi, Federal halokatlar tibbiyoti markazi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Ishlar boshqarmasi tasarrufidagi Markaziy klinik shifoxona va poliklinika hamda «Barvixa» klinik sanatoriysi faoliyati bilan tanishdi.
Rossiya tomonidan mamlakatning yetakchi federal ixtisoslashtirilgan markazlari faoliyatini tashkil etishning zamonaviy usullari taqdim etildi. Jumladan, A.F.Tsib nomidagi Tibbiy radiologiya ilmiy markazi, N.N.Bloxin nomidagi Onkologiya milliy tibbiyot ilmiy markazi, Milliy tibbiyot ilmiy gematologiya markazi hamda Dmitriy Rogachyov nomidagi Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va immunologiyasi milliy tibbiyot ilmiy markazi faoliyati haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federal tibbiy-biologiya agentligi rahbari Veronika Skvorsova hamda Rossiya Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) rahbari, Rossiya Federatsiyasining Bosh davlat sanitariya shifokori Anna Popova bilan ishchi uchrashuvlar o‘tkazdi.
Veronika Skvorsova bilan qon xizmati, transplantologiya, biologik xavfsizlikni rivojlantirish, biomolekulyar va bioinjeneriya texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash, donorlarni raqamli kuzatib borish tizimini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Anna Popova tomonidan sanitariya-epidemiologik nazoratni tashkil etish, molekulyar-gigiyenik diagnostika, genomik epidemiologik tahlil, yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda aholi salomatligiga tahdidlar yuzaga kelganda tezkor chora ko‘rish borasidagi Rossiya tajribasi taqdim etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Rospotrebnadzorning ixtisoslashtirilgan ilmiy va laboratoriya bo‘linmalari faoliyati, sanitariya-epidemiologik xavflarni baholash, suv, havo va oziq-ovqat mahsulotlari sifatini nazorat qilishda qo‘llanilayotgan zamonaviy usullar bilan tanishdi.




