Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Gretsiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan uchrashdi
2026-07-16 09:40:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida O‘zbekiston va Gretsiya o‘rtasidagi madaniy diplomatiyani yanada rivojlantirish, madaniyat va san’at, muzeylar faoliyati, arxeologiya hamda madaniy meros sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Gretsiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan madaniy hamkorlik dasturining imzolanishi ikki mamlakat munosabatlarida muhim bosqich bo‘lishini ta’kidlab, unda belgilangan barcha yo‘nalishlarni aniq amaliy mexanizmlar asosida izchil amalga oshirish muhimligini qayd etdilar.
Shuningdek, muzeylar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, madaniy merosni asrash, mutaxassislar almashinuvi hamda ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv konstruktiv va samimiy ruhda o‘tib, tomonlar O‘zbekiston va Gretsiya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, erishilgan kelishuvlarni yaqin istiqbolda aniq qo‘shma loyihalar orqali amaliyotga tatbiq etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

