Vazir Ozodbek Nazarbekov Belarus IT Parki faoliyati bilan tanishdi
2026-07-10 09:30:00 / Yangiliklar

Tashrif davomida, IT Park mas’ul vakili tomonidan IT Park faoliyati, uning boshqaruv tizimi hamda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Xususan, IT Park rezidentlari uchun yaratilgan maxsus huquqiy va soliq rejimi, innovatsion kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, xalqaro sarmoyalarni jalb etish tajribasi hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, IT Park rezidentlari tomonidan 40 dan ortiq yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi.
Ular orasida sun’iy intellekt, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, mobil ilovalar yaratish, kiberxavfsizlik, raqamli ta’lim, sog‘liqni saqlash, elektron davlat xizmatlari hamda madaniyat va kreativ industriya uchun zamonaviy IT-yechimlar alohida o‘rin egallaydi.
Uchrashuv davomida ushbu texnologiyalarning madaniy merosni saqlash, muzey va kutubxonalar faoliyatini raqamlashtirish, virtual ekspozitsiyalar yaratish hamda madaniy xizmatlarni aholiga zamonaviy shaklda taqdim etishdagi imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Taqdimot chog‘ida IT Park rezidentlarining xalqaro miqyosdagi muvaffaqiyatli loyihalari, yirik xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan dasturlar hamda innovatsion mahsulotlarni umumbashariy bozorga olib chiqish tajribasi yuzasidan ham ma’lumot berildi.
Ayniqsa, yaratuvchilik industriyasini rivojlantirish, madaniy meros obyektlarini 3D formatda raqamlashtirish, virtual va kengaytirilgan reallik (VR/AR) texnologiyalaridan foydalanish, sun’iy intellekt asosidagi interaktiv platformalarni yaratish borasidagi ishlanmalar katta qiziqish uyg‘otdi.
Vazir Ozodbek Nazarbekov IT Parkning zamonaviy infratuzilmasi, startaplarni qo‘llab-quvvatlash tizimi, ilmiy-tadqiqot va innovatsion markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tomonlar O‘zbekiston madaniyat muassasalarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish, milliy madaniy meros obyektlarini virtual shaklda keng jamoatchilikka taqdim etish, muzey va arxiv fondlarini zamonaviy texnologiyalar asosida raqamli shaklga o‘tkazish, shuningdek kreativ industriya va madaniy loyihalarni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida axborot texnologiyalari hamda madaniyat sohalaridagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish, mutaxassislar tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish va erishilgan kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.
Ta’kidlanganidek, bunday hamkorlik zamonaviy raqamli texnologiyalarni madaniyat sohasiga keng joriy etish, milliy merosni asrab-avaylash va uni xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.


