Fransiya bilan energetika sohasidagi hamkorlikning yangi istiqbollari muhokama qilindi
2026-07-09 09:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi hamda ikki davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan ishonchli muloqot O‘zbekiston–Fransiya hamkorligini yangi bosqichga olib chiqqanini ta’kidladilar.
Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning yaqinda Fransiyaga amalga oshirgan tashrifi va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvi ham ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada faollashtirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini ilgari surishga xizmat qilayotgani qayd etildi. Ta’kidlanganidek, oliy va yuqori darajadagi muloqotlar iqtisodiyotning turli tarmoqlari, xususan, energetika sohasidagi sheriklikni izchil kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Bugungi kunda Fransiya O‘zbekistonning energetika sohasidagi muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ayni paytda fransuz kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 2 mlrd AQSH dollariga teng 3 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Shuningdek, qiymati 1,8 mlrd AQSH dollariga teng yana 6 ta istiqbolli loyiha bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Natijada ikki mamlakat o‘rtasidagi energetika sohasidagi qo‘shma tashabbuslar portfeli 4 mlrd AQSH dollaridan oshdi.
Uchrashuvda “EDF” kompaniyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorlik alohida e’tirof etildi. Xususan, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 3,1 GVtdan ortiq bo‘lgan zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyalarini barpo etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar energetika xavfsizligini mustahkamlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda iste’molchilarni barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, “TotalEnergies” va “Voltalia” kompaniyalarining O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi. Ular quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiya saqlash tizimlarini barpo etish bo‘yicha loyihalarda faol ishtirok etib, yurtimizning “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha strategik maqsadlariga erishishda ishonchli hamkor sifatida faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuv doirasida Fransiyaning energetika va sanoat sohalarida faoliyat yurituvchi qator kompaniyalari o‘z taqdimotlarini o‘tkazdilar. Unda zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yechimlar, investitsiya imkoniyatlari hamda O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Tomonlar mazkur tashabbuslarni amaliy jihatdan ko‘rib chiqish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar davomida zamonaviy energetika infratuzilmasini rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlari, magistral elektr tarmoqlari va energiya saqlash tizimlarini barpo etish, sanoat hamda gaz transporti infratuzilmasini rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish, raqamli texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, muhandislik, kadrlar tayyorlash va ilg‘or tajriba almashish yo‘nalishlarida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar energetika sohasidagi hamkorlik salohiyati yanada keng ekanini qayd etib, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

