Minskda O‘zbekiston va Belarus madaniyat vazirlari uchrashdi
2026-07-08 10:00:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasida madaniyat va san’at sohalaridagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, teatr, kino, muzey, kutubxona, madaniy ta’lim hamda ijodiy jamoalar almashinuvini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
“Bugungi kunda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlik izchil va samarali rivojlanmoqda. Bu, avvalo, davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasida qaror topgan do‘stona va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar samarasidir. Mamlakatlarimizda o‘zaro “Madaniyat kunlari” va “Kino kunlari”ni o‘tkazish ezgu an’anaga aylandi. O‘tgan yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Belarus Respublikasi madaniyati kunlari” mamlakatimiz madaniy hayotidagi eng yorqin voqealardan biri bo‘ldi. O‘zbekistonning ijodiy jamoalari va san’atkorlari Vitebsk shahrida o‘tkaziladigan nufuzli “Slavyanskiy bazar” xalqaro san’at festivalida muntazam ishtirok etib kelmoqda. Bugun vazirliklar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan “Hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi”ni imzolashni rejalashtirganmiz. Ishonchim komilki, ushbu hujjat qo‘shma faoliyatimiz uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga keng yo‘l ochadi” — dedi vazir Ozodbek Nazarbekov.
Uchrashuvda vazirlar tomonidan madaniyat va san’at sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator tashabbuslar ilgari surildi.
Xususan, ikki vazirlik vakillaridan iborat doimiy qo‘shma ishchi guruh tashkil etish taklif qilindi. Mazkur tuzilma madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muvofiqlashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va istiqbolli tashabbuslarni ilgari surishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, kinematografiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakatning umumiy madaniy merosi, tarixi va bugungi hayotiga bag‘ishlangan badiiy hamda hujjatli filmlarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Madaniyat sohasini raqamlashtirish yo‘nalishida ham hamkorlikni rivojlantirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi. Tomonlar muzeylar, teatrlar, konsert tashkilotlari va boshqa madaniyat muassasalarida zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish borasida tajriba almashishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus hududlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, madaniyat muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma madaniy loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlandi.
Adabiy aloqalarni rivojlantirish masalasi ham muzokaralarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Tomonlar buyuk belarus yozuvchisi Yakub Kolasning taniqli o‘zbek shoirlari Hamid Olimjon va Zulfiya bilan do‘stligi asos solgan ezgu an’analarni davom ettirish, O‘zbekiston va Belarus adiblari hamda shoirlari ishtirokidagi uchrashuvlarni muntazam tashkil etish taklifini ilgari surdilar.
Uchrashuv yakunida, mazkur tashabbuslar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada boyitish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun: joriy yilning 7–8-iyul kunlari Belarus Respublikasida o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” dasturi doirasida “O‘zbek kinosi kunlari”ning tantanali ochilish marosimi hamda o‘zbek filmlarining namoyishi, Minsk shahrida o‘zbekistonlik san’at ustalari ishtirokidagi gala-konsert dasturi, “Yangi O‘zbekiston” foto ko‘rgazmasi, shuningdek, ikki davlat delegatsiyalari o‘rtasidagi qator rasmiy uchrashuv va muzokaralar rejalashtirilgan.
O‘zbekiston madaniyat kunlari doirasidagi uchrashuv va tadbirlar davom etmoqda.


