TIV rahbarining Iordaniya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuvi to‘g‘risida
2026-07-07 09:15:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida tomonlar oʻtgan yili Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston–Iordaniya keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Boʻlajak oliy va yuqori darajadagi tashriflar hamda boshqa qoʻshma tadbirlar jadvali koʻrib chiqildi.
Ikki tomonlama muloqotlar va oʻzaro almashinuvlar faol tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Siyosiy muloqotlarni yanada faollashtirish, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi yaqin muvofiqlashtirishni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika, turizm, qishloq xoʻjaligi, taʼlim hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq amaliy qadamlar belgilab olindi. Amman–Toshkent toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovining yoʻlga qoʻyilgani va Ishbilarmonlar kengashi faoliyati mamlakatlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Qoʻshilmaslik harakati va boshqa koʻp tomonlama platformalar doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorlik tasdiqlandi.
Iordaniya Oʻzbekistonning Yaqin Sharqdagi muhim va ishonchli hamkori ekani qayd etilib, mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni yangi mazmun bilan boyitish yoʻlidagi birgalikdagi saʼy-harakatlarni izchil davom ettirishga qatʼiy intilish bildirildi.


