O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida chorvachilik sohasida yirik investitsiyaviy loyiha muhokama qilindi
2026-06-30 10:45:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida GO Group kompaniyasi O‘zbekistonda chorvachilik va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha to‘liq siklli zamonaviy kompleks tashkil etish rejalarini taqdim qildi. Loyiha doirasida naslchilik, boqish, yem-xashak ishlab chiqarish, so‘yish va go‘shtni qayta ishlash jarayonlarini qamrab olgan yirik majmua barpo etish ko‘zda tutilgan.
Dastlabki bosqichda 20–30 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan chorvachilik kompleksi qurish, shuningdek eksportbop mahsulotlar uchun sovitish, muzlatish va qadoqlash infratuzilmasini yaratish rejalashtirilmoqda.
Kompaniya vakillari O‘zbekistonni Fors ko‘rfazi davlatlari uchun go‘sht mahsulotlari yetkazib berish bazasi, shuningdek MDH va Xitoy bozorlariga chiqish uchun strategik logistika markazi sifatida baholashlarini ta’kidladilar. Shu bilan birga, kartoshka va sabzavot mahsulotlarini qadoqlash, qayta ishlash hamda urug‘chilik sohasida qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirildi.
Alohida ta’kidlanganidek, mazkur uchrashuvdan avval GO Group delegatsiyasi mamlakatimizning bir qator hududlarida bo‘lib, zamonaviy chorvachilik komplekslari, fermer xo‘jaliklari hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu esa kompaniyaning O‘zbekiston agrosanoat salohiyatiga bo‘lgan qiziqishi va istiqbolli hamkorlikka intilishini yana bir bor tasdiqlaydi.

