O‘zbekiston — Yaponiya: Tibbiyot yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-06-22 10:50:00 / Yangiliklar

Muloqotda tibbiyot yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, ushbu tashkilot dunyo bo‘yicha ko‘plab yirik infratuzilma va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.
Jumladan, yurtimizda turli sohalar bo‘yicha umumiy qiymati 5,87 milliard AQSH dollariga teng 12 ta yirik investitsiya loyihasi ro‘yobga chiqarilyapti. Bu — tibbiyot sohasida hamkorlik aloqalarini kengaytirishga turtki berishi, shubhasiz.
Mehmon tomoniga Samarqandda 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona qurish loyihasi yuzasidan ma’lumot berildi. Qiymati 250 million AQSH dollarini tashkil etuvchi bu loyiha bo‘yicha tayyorgarlik ishlari davom ettirilmoqda. Ya’ni uning “master reja”si ishlab chiqilyapti.
Tadbirda hamkorlik doirasida tibbiyot xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Vazir malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash maqsadida dunyodagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan aloqa o‘rnatilganini va soha xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha esa hamkorlikka doim tayyorligini aytib o‘tdi.
Muloqotda yurtimizning 4 hududida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilishi rejalashtirilayotgan yadro tibbiyot markazlari ham muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, hozirda O‘zbekistonda yadro tibbiyotini rivojlantirish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Strategiya loyihasi tayyor bo‘lgach, uni yanada takomillashtirish uchun “Sojitz Corporation” kompaniyasiga taqdim etiladi.
Yakunda tomonlar bu kabi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilishi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hamda strategik sheriklikni yanada mustahkamlashiga ishonch bildirdi.

