Berlinda kasbiy taʼlim sohasida Oʻzbekiston–Germaniya kelishuvi imzolandi
2026-06-15 15:50:00 / Yangiliklar

Mazkur hujjat ikki mamlakatning vakolatli davlat organlari oʻrtasida aynan kasbiy taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan ilk tizimli hamkorlik kelishuvlaridan biri boʻlib, Oʻzbekiston–Germaniya munosabatlarini yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.
Kelishuv doirasida tomonlar kasbiy taʼlim sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, dual taʼlim tizimini takomillashtirish, taʼlim sifatini oshirish, sohani boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek qoʻshma loyihalar va pilot tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik qiladi.
Hamkorlikni samarali tashkil etish maqsadida Oʻzbekiston–Germaniya Qoʻshma ishchi guruhi tashkil etiladi. Mazkur platforma ikki mamlakatning taʼlim muassasalari, savdo-sanoat palatalari, sohaviy uyushmalari, tashkilotlari va ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish va yangi loyihalarni amalga oshirish uchun muhim maydon vazifasini oʻtaydi.
Kelishuv Germaniyaning xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan dual taʼlim tajribasini Oʻzbekistonda keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash, bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish hamda kasbiy taʼlim tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Mazkur kelishuv Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida taʼlim sohasidagi strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish hamda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma saʼy-harakatlarning muhim natijasi hisoblanadi.


