O‘zbekiston va Malayziya qishloq xo‘jaligida hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda
2026-06-15 11:20:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida ikki davlat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va istiqbolli yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida mavjud hamkorlik aloqalari atroflicha tahlil qilinib, agrar tarmoqning qator muhim yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, meva-sabzavot va quruq meva mahsulotlari eksportini kengaytirish, intensiv bog‘larni barpo etish, parrandachilik va chorvachilikni rivojlantirish, sholichilikda ilg‘or tajribalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, sun’iy intellekt va dron texnologiyalaridan samarali foydalanish, zamonaviy boshqaruv tizimlarini joriy etish bo‘yicha ham istiqbolli takliflar ko‘rib chiqildi. Tomonlar agrar sohada innovatsion yechimlarni keng qo‘llash ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Muloqot davomida Malayziya bilan amalga oshirilayotgan loyihalarni muvofiqlashtirish, qo‘shma markazlar va vakolatxonalar tashkil etish, ilmiy-amaliy hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan ham takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish va agrar sohada uzoq muddatli sheriklikni yanada mustahkamlash borasida kelishuvga erishdilar.


