IIV Qorovul qoʻshinlarida xizmat faoliyatini takomillashtirish hamda raqamli transformatsiya boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab berildi
2026-06-12 11:15:00 / Yangiliklar

Oʻrganishlar davomida Ichki ishlar vazirligining harbiylashtirilgan tuzilmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, xizmat infratuzilmasini yanada takomillashtirish, rejalashtirilgan qurilish va rekonstruksiya loyihalarining amalga oshirilish holati atroflicha oʻrganildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning sport va jangovar tayyorgarligi, ularning kasbiy mahoratini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham koʻzdan kechirildi.
Masʼullar xizmatchilar va askarlar uchun yaratilgan ijtimoiy-maishiy sharoitlar bilan tanishib, ularning xizmatni munosib oʻtashlari uchun qulay muhit yaratish muhim vazifalardan biri ekanligini taʼkidladi.
Shu bilan birga, IIV Qoravul qoʻshinlari hamda Jazoni ijro etish departamentining hamkorlikdagi faoliyatini raqamlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan zamonaviy elektron platformaning taqdimoti muhokama qilinib, uning imkoniyatlari va amaliyotga joriy etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir davomida vazirlik rahbariyati tomonidan xizmat faoliyatida halollik va qonuniylik tamoyillariga qatʼiy amal qilish muhimligi alohida qayd etildi. Har bir xodim va harbiy xizmatchi xizmat intizomiga soʻzsiz rioya etishi, fuqarolar bilan muloqotda xushmuomalalik va yuksak masʼuliyat namoyon etishi lozimligi taʼkidlandi.
Belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi.



