Oʻzbekiston delegatsiyasi Bavariyada dual taʼlim tizimi tajribasini oʻrgandi
2026-06-10 14:50:00 / Yangiliklar

Delegatsiya aʼzolari Bavariya iqtisodiyoti assotsiatsiyasi qoshidagi Milliy iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti rahbari va bosh direktori Folker Lyaynveber bilan muloqot qilib, Germaniyaning dunyoda eng samarali va amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim modellaridan biri hisoblangan dual taʼlim tizimining huquqiy asoslari, boshqaruv mexanizmlari hamda taʼlim sifati nazorati boʻyicha tajribasini oʻrgandi.
Uchrashuv davomida talabalarni bir vaqtning oʻzida taʼlim muassasasida nazariy bilimlar va ishlab chiqarish korxonalarida amaliy koʻnikmalar bilan taʼminlash, malakani baholash va sertifikatlash tizimi oʻrni, korxonalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mexanizmlari hamda ushbu modelni Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ta'lim tizmi kadrlarini tayyorlash va sertifikatlash, taʼlim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish hamda bitiruvchilarning bandligini taʼminlash boʻyicha Bavariya tajribasi yuzasidan fikr almashildi.
– “Dual taʼlim yoshlarni zamonaviy mehnat bozori talablariga mos ravishda tayyorlash, ularning kasbiy koʻnikmalarini oshirish va bandligini taʼminlashning eng samarali vositalaridan biridir. Bavariyada oʻrganilgan ilgʻor tajribalarni mamlakatimiz taʼlim tizimiga bosqichma-bosqich joriy etish ustida ishlaymiz,” – dedi Ilxom Siradjev.
Uchrashuv yakunida tomonlar taʼlim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish dasturlarini yoʻlga qoʻyish hamda kelgusida oʻzaro hamkorlik memorandumini imzolash boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.

