Agrar hamkorlikning yangi ufqlari: innovatsiyalar va sheriklik bir maydonda
2026-06-09 12:05:00 / Yangiliklar

Ikki tomonlama muloqot chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Tomonlar agrar ilm-fan, innovatsiyalar, urug‘chilik, oziq-ovqat xavfsizligi hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 2026–2029-yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasi imzolandi. Mazkur hujjat agrar ilm-fan sohasida tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, vazir “Hosildan keyingi yo‘qotishlarni kamaytirish – oziq-ovqat ta’minoti zanjirida samaradorlikni oshirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi” Xalqaro forumi doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada ishtirok etdi.
Ko‘rgazmani Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrahim Yumakli hamrohligida ko‘zdan kechirish jarayonida hosildan keyingi yo‘qotishlarni kamaytirish, mahsulotlarni saqlash va logistika tizimlarini takomillashtirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalar, innovatsion ishlanmalar hamda ilg‘or yechimlarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, vazir Ibrohim Abdurahmonov forum doirasida tashkil etilgan “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat savdosini tartibga solish uyg‘unligi, texnik to‘siqlar va keyingi avlod savdo siyosati” mavzusidagi vazirlar panel sessiyasida ishtirok etdi.
Sessiyada global oziq-ovqat bozorlari, savdo munosabatlaridagi zamonaviy yondashuvlar, texnik reglamentlar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash, ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy agrar texnologiyalar almashinuvini jadallashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.


