Suv bo‘yicha muloqotlar xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi
2026-06-05 09:35:00 / Yangiliklar

Mazkur yirik xalqaro anjuman atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror rivojlanish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish sohasidagi eng muhim forumlardan biri hisoblanadi.
Tadbirda GEFga a’zo 186 davlat vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, moliya institutlari, ilmiy doiralar, xususiy sektor hamda fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda.
Assambleya GEFning oliy boshqaruv organi bo‘lib, har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladi hamda global ekologik siyosat va tabiatni muhofaza qilish loyihalarini xalqaro moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Assambleya doirasida Eco Expo Central Asia 2026 xalqaro ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan bo‘lib, unda atrof-muhitni muhofaza qilishga doir ilg‘or texnologiyalar, suv resurslarini boshqarish sohasidagi innovatsion yechimlar, qayta tiklanuvchi energetika, biologik xilma-xillikni asrash, iqlimga moslashuv va “yashil iqtisodiyot” yo‘nalishidagi zamonaviy ishlanmalar namoyish etilmoqda.
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev assambleya doirasida xalqaro hamkorlar hamda xorijiy davlatlarning suv siyosati uchun mas’ul bo‘lgan tegishli davlat organlari rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, Shveytsariyadagi CARITAS Switzerland tashkilotining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy direktori Shinan Kassam bilan muloqotda tomonlar ko‘p yillik hamkorlik natijalari, amaldagi qo‘shma loyihalar hamda suv resurslarini boshqarish, gidrologik monitoring, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va suv xo‘jaligi tashkilotlarining institutsional salohiyatini oshirish borasidagi istiqbolli yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda suv xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar, tarmoqni raqamlashtirish, suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish hamda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida CARITAS vakillari tomonidan Suv xo‘jaligi vazirligiga suv sarfini o‘lchash uchun mo‘ljallangan portativ doppler qurilmasi topshirildi. Mazkur qurilma gidrologik monitoringni yanada takomillashtirish va suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Ukraina Davlat suv resurslari agentligi rahbarining o‘rinbosari Viktor Kansurak bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar suv xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha tajriba almashdilar, suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish, avtomatlashtirilgan monitoring tizimlarini joriy etish, gidrotexnik infratuzilmani modernizatsiya qilish, suvni tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish hamda malakali kadrlar tayyorlash masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, kuchayib borayotgan iqlimiy chaqiriqlar va suv xavfsizligini ta’minlash zarurati sharoitida xalqaro hamkorlik hamda ilg‘or tajriba almashish muhim ekanligi ta’kidlandi.
Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmanistonning ekologiya yo‘nalishidagi tegishli idoralari rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralarda suv resurslaridan oqilona foydalanish, transchegaraviy suv munosabatlari mexanizmlarini takomillashtirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish, suvni tejash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishga xizmat qiladigan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.


