O‘zbekiston–Italiya agrar hamkorligi yangi bosqichda
2026-05-20 09:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuv davomida agrar sohada ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa, malakali mutaxassislar va mavsumiy ishchilar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda bugungi globallashuv sharoitida qishloq xo‘jaligini malakali kadrlar bilan ta’minlash eng dolzarb vazifalardan biri ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, agrar tarmoq ehtiyojlariga mos, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar yoshlar uchun o‘quv dasturlari, amaliyot va stajirovka tizimlarini kengaytirish xalqaro tajriba almashinuvini rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi. Ayniqsa, Italiya tajribasi asosida zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘rganish va amaliyotga joriy etish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Uchrashuvda inson kapitali agrar tarmoqlar rivojining asosiy omili ekani alohida urg‘ulandi. Shuningdek, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda eksport salohiyatini kengaytirish ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida e’tirof etildi.

