Oʻzbekiston va Xitoy ichki ishlar idoralari hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
2026-05-19 17:00:00 / Yangiliklar

Muloqot chogʻida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, kadrlar malakasini oshirish va sohada oʻzaro tajriba almashish kabi yoʻnalishlardagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar idoralararo aloqalarni yanada mustahkamlash, zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi, uyushgan jinoyatchilik hamda boshqa turdagi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish, kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika yoʻnalishida tajriba almashishni tashkil etish kabi dolzarb masalalarga qaratildi.
Shuningdek, amaliy hamkorlikni kengaytirish va qoʻshma tashabbuslarni izchil davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlari va erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi sifatida Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi hamda Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi oʻrtasida 2026–2027-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi imzolandi.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda yuqorida qayd etilgan koʻplab yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi.


