Qishloq xo‘jaligida biochar va karbon kreditlari tizimini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi
2026-05-19 09:25:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida paxta g‘o‘za poyalarini piroliz texnologiyasi asosida qayta ishlash, biochar mahsuloti ishlab chiqarish hamda karbon kreditlari tizimini rivojlantirish loyihasiga oid muhim masalalar muhokama qilindi.
Ma'lumki, mamlakatimizda har yili millionlab tonna paxta hosili yetishtiriladi. Mazkur loyiha qishloq xo‘jaligi qoldiqlarini samarali qayta ishlash, atmosferaga chiqarilayotgan zararli chiqindilar hajmini kamaytirish hamda fermerlar uchun qo‘shimcha daromad manbalarini yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, loyiha doirasida biochar mahsulotini ishlab chiqarish orqali tuproq unumdorligini oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish va xalqaro karbon kreditlari bozoriga chiqish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida kompaniya vakillari tomonidan ushbu yo‘nalishdagi xalqaro tajribalar hamda istiqbolli hamkorlik mexanizmlari yuzasidan taqdimotlar ham o‘tkazildi.
Ta'kidlash lozim, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini qishloq xo‘jaligi sohasiga keng joriy etish ekologik barqarorlikni ta’minlash bilan birga, agrar tarmoqda yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yaratishda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Muloqot yakunida vazir ko‘rib chiqilgan tashabbuslar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bunday loyihalarni amaliyotga joriy etishda har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

